AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov quvurlarning eskirgani suv yo‘qotilishiga olib kelayotganini ta’kidladi.

“Eng katta muammolardan biri suvning yo‘qotilishi. Quvurlarning 35 foizi eskirgan, ularni almashtirish kerak. Bu borada belgilangan vazifalar albatta bajariladi. Suv inshootlarida ham yangi, eneregiya tejamkor uskunalar o‘rnatiladi”, — dedi Saifnazarov.

U shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda suv boshqarish tizimida raqamli suv ta’minoti dasturini amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Asosiy e’tibor suv yetkazib berishda energiya tejashga qaratilayotgani aytildi.

“Hozirgi ishlayotgan nasoslardan 30−35 foizi manan eskirgan va juda ham ko‘p energiya sarflamoqda. Hozirgi kunda elektr energiyaning suvni tannarxidagi ulushi 47 foizni tashkil qilmoqda. Boshqa davlatlarda bu ko‘rsatkich 20−25 foiz. Shu borada 2021 yilning o‘zida mingga yaqin nasoslarni almashtirish ko‘zda tutilgan. O‘tgan yili quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha pilot loyihalari bo‘ldi, shu yilni o‘zida alohida turgan suv inshootlariga kamida 200 ta quyosh panellari qo‘yiladi”, — dedi Sohib Saifnazarov.

Bundan tashqari, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Jahon banki bilan kelishuvga erishilgani va 2021-yilning o‘zida Energiya samaradorlik jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Bu orqali ko‘p energiya sarflayotgan texnik uskunalar o‘zgartirilishi ta’kidlandi.