Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov «Daryo»ga bergan intervyusida 18 dekabrdan 6 yanvargacha vaksina sinovida ko‘ngilli sifatida ishtirok etish istagini bildirgan 3 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Ko‘ngillilar murojaatining birinchi kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tib, koronavirusga test beradi va ularda antitanalar tekshiriladi. Ikkinchi kuni esa ular emlanadi.

Vazirning aytishicha, qon tahlili topshirganlardan taxminan 30 foizining organizmida koronavirusga qarshi antitanalar borligi aniqlanmoqda. Ular koronavirusni o‘zi bilmagan holda, alomatlarsiz o‘tkazgan. Ushbu ko‘ngillilar emlanmaydi, chunki bu vaksina samarasini tekshirishga halaqit qilishi mumkin.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tib, vaksina olishga loyiq, deb topilganlarga yana bir bor qayta o‘ylab ko‘rishlari uchun bir kun imkoniyat beryapmiz — hech kim ularni emlanishga majbur qilmaydi. Hozirgacha 10 foiz ko‘ngilli ikkilangan holda emlanishdan voz kechdi.

7 yanvar holatiga ko‘ra, sinovda ishtirok etayotgan fuqarolar soni 1328 kishini tashkil etmoqda. Vazirning aytishicha «hech birida shubhali kasalliklari yo‘q» ko‘ngillilar «o‘z xohish va roziliklari bilan, tadqiqot shartnomasiga imzo qo‘yib», emlangan.