AOKAda o‘tkazilgan брифингда transport vaziri vazifasini bajaruvchi Ilhom Mahkamov O‘zbekistonda jamoat transportida mavjud muammolar haqida ma’lumot berdi.

«Xatlovga ko‘ra, 9145 aholi punktining 1115 tasi jamoat transporti bilan qamrab olinmagan. Shuningdek, 4068 yo‘nalishning 374 tasida qatnovlar to‘xtab qolgan. Shu maqsadda yo‘nalishlarni belgilovchi tenderlarni 100 foiz elektron tizimga o‘tkazdik. Shuningdek, rentabellik umuman past bo‘lgan taqdirda, ularni subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlayapmiz», — dedi Mahkamov.

U 2021 yilda viloyat markazlarida jamoat transportining modellashtirilgan bosh rejasi ishlab chiqilishi va bunga xalqaro ekspertlar jalb etilganini qo‘shimcha qildi.

«O‘zbekistonda jamoat transportini yangicha asosda rivojlantirish bo‘yicha ishlayapmiz. Aholi soni, zichligi, ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim muassasalari va boshqa faktorlardan kelib chiqib, barcha jamoat transporti yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqib, ilmiy asosda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishimiz lozim», — dedi Ilhom Mahkamov.