Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda eng keng tarqalgan tutunsiz tamaki shakli nosvoydir. Nos chekishning inson salomatligiga salbiy ta’siri, O‘zbekistonda va jahon mamlakatlarida necha foiz odam nosga ruju qo‘yganligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov gapirdi.

Nos tarkibi va uning tayyorlanishi

Nos to‘q yashil yoki sarg‘ish yashil murakkab tarkibli moddalar aralashmasidan iborat. Asosan bu mahsulot uy sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda turli usullarda tayyorlanadi. Uni tayyorlash usulini ko‘rgan, tarkibida qanday moddalar borligi bilgan kishi nos chekishdan voz kechishi turgan gap.

Uning tarkibida tamaki yaprog‘i, kul (g‘o‘zapoya yoki boshqa o‘tinlar kuli), o‘simlik moyi (paxta yoki kunjut moyi), so‘ndirilgan ohak hamda shirin ta’m beruvchi qo‘shimchalar bo‘ladi. Agar insonga ushbu mahsulotlar: qurilish ohagi, kul, tamaki yaprog‘ini bersangiz iste’mol qilishni xohlarmidi? Ammo mamlakatimizda nos chekuvchi insonlar soni juda ko‘p, ayniqsa yoshlar orasida.

O‘zbekistonda nosvoy bozorlarda, ko‘chalarda va ta’lim muassasalari oldida ochiq sotiladi. Natijada nosvoyning bitta porsiyasi narxi filtrli sigaretalar narxidan taxminan 4−5 baravar past bo‘lib, bu uning yoshlar uchun hamyonbopligini ta’minlaydi.


Nosvoyni ishlab chiqarish va sotishni cheklash bo‘yicha hech qanday qonun hujjati va ko‘rsatma mavjud emas. Eng achinarlisi, muntazam tutunsiz tamaki iste’mol qiluvchi minglab insonlar bevaqt o‘lim xavfiga duchor bo‘lmoqda.

Nosning inson organizmiga salbiy ta’sirlari haqida

Nos psixoaktiv moddalar qatoriga kiradi va markaziy asab tizimiga ta’sir ko‘rsatib, ruhan va jismonan kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi. Nos qonga so‘rilib, bosh miya, jigar, buyrak, oshqozonosti bezi va boshqa organlarni faoliyatiga salbiy ta’sir etib, shu a’zolarning kasallanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak bezlari faoliyatining buzilishini yuzaga keltiradi.

Nos og‘iz bo‘shlig‘i, xalqum, qizilo‘ngach va oshqozonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etib, shilliq qavatlarni doimiy shikastlaydi va shu ta’sir natijasida shilliq qavatlarda saraton kasalligi rivojlanishiga olib keladi. Bu kasallikka uchraganlarning 95 foizi nosga ruju qo‘ygani ilmiy jihatdan isbotlangan.

Bundan tashqari, nosvoy iste’mol qilish yurak-tomir kasalliklari va surunkali gipertoniyaga olib kelishi mumkin, homiladorlik paytida iste’mol qilinganda o‘lik bola tug‘ilishi, muddatidan oldin tug‘ilish va kichik vazndagi bola tug‘ilishi xavfini oshiradi.

Nosvoy iste’mol qiladigan erkaklarda bepushtlik, og‘iz va milklarning yallig‘lanishi, milklar atrofiyasi, kariyes kabi kasalliklar kuzatiladi. Nos o‘smirlarning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, xotira yomonlashiga, jizzaki bo‘lishiga hamda darslarni o‘zlashtirishi keskin pasayishiga olib keladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda traxeyada (o‘rtacha 3,9 marta), og‘iz bo‘shlig‘ida (o‘rtacha 3,8 marta), milklarda (3,1 marta), qizilo‘ngachda (2,5 marta), oshqozonda (2,0 marta), burun-halqumda (2,0 marta) xavfli o‘smalardan o‘lim 30−69 yoshdagi erkaklar o‘rtasida shu yoshdagi ayollarga qaraganda ancha ko‘proq uchraydi, bu esa nosvoy va boshqa tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishi bilan bevosita bog‘liq.

O‘zbekistonda har kuni tutunsiz tamaki iste’mol qiluvchi 1,7 million kishining 860 mingdan ortig‘i nosvoy iste’mol qilinishi tufayli bevaqt o‘lim xavfiga duchor bo‘ladi. Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, bu raqam yanada ko‘tarilishi mumkin.

O‘zbekistonda nos chekuvchilar soni va o‘sish surati

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda katta yoshdagi kashandalarning soni 1,1 milliard bo‘lib, ulardan kamida 367 million kishi tutunsiz tamaki iste’mol qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2014 yilda JSST bilan birgalikda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavf omillarini o‘rganilganda quyidagilar aniqlandi: O‘zbekiston aholisining 12 foizi, erkaklarning 23,2 foizi, ya’ni har to‘rttadan bittasi, ayollarning 0,2 foizi nosvoy iste’mol qiladi. Tutunsiz tamaki iste’molchilarining 90 foizi nosvoy iste’mol qiladi.

Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o‘rtasida nosvoy iste’mol qilish ko‘rsatichining eng yuqorisidir: Qirg‘izistonda — 5,2 foiz, Qozog‘istonda — 1,3 foiz, Turkmanistonda — 1,4 foiz.

Bundan tashqari, tutunsiz tamaki mahsulotlarining 13−15 yoshdagi o‘smirlar orasida iste’mol qilinishining darajasi ham O‘zbekistonda qo‘shni mamlakatlarga qaraganda eng yuqoridir (6%), (bu ko‘rsatkich: Qirg‘izistonda — 5,1 foiz, Tojikistonda — 1,8 foiz, Qozog‘istonda — 0,6 foiz, Turkmanistonda — 0,2 foiz).

Nosvoy ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi

Avstraliya, Singapur, Baxrayn, Butan, Birlashgan Tanzaniya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan.

Yevropa Ittifoqining Shvetsiyadan tashqari barcha mamlakatlarida tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Bir qator MDH mamlakatlarida (Belarussiya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Turkmanistonda) ham nosvoy ishlab chiqarish va sotish taqiqlangan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida tutunsiz tamaki mahsulotlarini butunlay taqiqlash haqidagi kelishuv loyihasi ko‘rilmoqda.

Nosvoyning inson salomatligiga katta zarar keltirayotgani uchun tegishli idoralar tomonidan mamlakatimizda tutunsiz tamaki mahsulotlarini, jumladan nos aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, tutunsiz tamaki mahsulotlarining inson organizmiga zararli ekanligi borasida aholi orasida muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini baholashicha, O‘zbekistonda tamaki iste’molini qisqartirish choralari iqtisodiy jihatdan foydali hisoblanadi. Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha har bir investitsiya qilib kiritilgan so‘mdan dastlabki besh yilda 7,3 so‘m va keyingi 15 yilda 13,0 so‘m foyda olish mumkin.

Tamakiga qarshi kurashning samarali choralari ko‘rilgan taqdirda O‘zbekiston qisqa muddatli istiqbolda (5 yil) har yili 206,6 mlrd so‘m miqdorida (shu jumladan aholining bo‘shaydigan va o‘zlari farovonligini oshirishga qaratiladigan mablag‘lari), o‘rta muddatli istiqbolda (10 yil) — 219,8 mlrd. so‘m va uzoq muddatli istiqbolda (15 yil) — 233,0 mlrd. so‘m miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda olishi mumkin. Natijada tamaki iste’molchilarida qo‘shimcha resurslar paydo bo‘ladi, ular o‘z navbatida xalq iste’moli tovarlari va xizmatlarga talabni oshiradi.

Lekin avvalo, bunday mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfli ekanini aholining o‘zi teran anglab yetishi zarur. Shundagina bu borada ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin.