Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustida qurilayotgan ko‘prik 8 yanvar kuni soat 11:00 atrofida qulab tushgan. Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, uzunligi 37 metr, eni 3 metr bo‘lgan va piyodalar qatnovi uchun mo‘ljallangan ko‘prik mahalliy tadbirkor tomonidan «O‘n bir Ahmad» ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida qurilgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmaganligi, tadbirkor Ma’rufxon Hojixonov shaxsiy mablag‘i hisobiga qurganligi aytilmoqda.

«Dadamning vasiyatlariga ko‘ra „O‘n bir Ahmad“ ziyoratgohiga keladiganlar qiynalmasligi uchun shu ishga qo‘l urgandim. Ko‘prik tayyor bo‘lganidan keyin shu atrofdagi avtoturargohda bir hafta 5 tonnadan oshiq yuk qo‘yilgan holatda turdi, qilt etmadi. Keyin joyida sinab ko‘rdik. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi ko‘paygani sababli hali ishimiz oxiriga yetmagan edi», — deydi tadbirkor.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

«Ko‘prik qurilishi dasturlarga kiritilmagan, byudjet mablag‘i ham sarflanmagan. Tadbirkor Ma’rufxon Hojixonovning tashabbusi va shaxsiy mablag‘i hisobidan qurilayotgan, hali yakuniga yetmagan edi», — deya ma’lum qildi «Namangan ko‘priklardan foydalanish» unitar korxonasi rahbari Sanjarbek Shodmonov.

Ta’mirlash ishlariga ikki hafta atrofida vaqt talab etilishi kutilmoqda.

Ko‘prik qulashi natijasida qurbonlar yoki jabrlanganlar yo‘q.