Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ayni damda issiqlik elektr stansiyalarining barqaror ishlash rejimi to‘liq tiklangan.

5 yanvar kuni yagona energiya tizimining elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarga sabab bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayonini o‘rganish uchun tuzilgan komissiya hodisa sababini aniqlagan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tolimarjon IESdagi bug‘-gaz qurilmalari ortiqcha yuklama bilan ishlashi oqibatida nosozlik yuzaga kelgan va avariyaga qarshi avtomatika ishlab rejadan tashqari o‘chirilgan. Buning natijasida Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimini (YAET) Rossiya va Qozog‘istonning yagona energiya tizimi bilan bog‘laydigan tranzit tarmoqlarida yuklama keskin ko‘tarilgan. Bu esa energiya tizimlarining parallel ishlashi barqarorligining buzilishiga olib keldi.

Natijada Qozog‘iston shimoliy qismining energiya tizimlari Markaziy Osiyoning YAETidan ajralib chiqdi. YAET MO chastotasi 48,15 Gs. gacha kamaydi. Shu bilan birga, bir qator iste’molchilar avtomatik ravishda tarmoqdan uzib qo‘yildi, issiqlik elektr stansiyalarining (IES) energiya bloklari yuklamalari tushirildi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston va Qirg‘iziston elektr uzilishlarini O‘zbekiston elektr tizimidagi muammolar bilan izohlagan edi.