7-yanvar kuni AOKA bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva daromadlar deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. 67 studio e’lon qilgan видеода agentlik vakili hozirda loyiha tegishli organlar bilan kelishish jarayonida ekanligini ham ta’kidlab o‘tgan.

Agentlik mas’ul xodimi O‘tkirbek Nomozboyev esa deklaratsiyani qaysi darajadagi mansabdor shaxslar to‘ldirishiga oydinlik kiritdi.

“Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida mansabdor shaxslarning barcha doirasi qamrab olingan. Vazirlar Mahkamasi, prezident administratsiyasi, hokimiyatlar, respublika tashkilotlari, sud, prokuratura idoralari, bularning barchasi biz bergan loyihada deklaratsiya qilishi aks ettirilgan. Prezident, bosh vazir, quyidan tortib, yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdor shaxslar nazarda tutilgan”, — dedi Nomozboyev.

Agentlik direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva esa qonun loyihasi 2021 yilda qabul qilinishi kutilayotgani, tegishli tashkilotlar xulosalari olingandan keyin jarayon tezlashishi, lekin hozirgi bosqichda aniq muddatini aytish mushkulligini qo‘shimcha qildi.