Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 8-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjuman ida hokimiyatlar tomonidan madaniyat obyektlarini tadbirkorlarga berib yuborish holatlari kuzatilganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida 8 tadan, Farg‘ona viloyatida 13 ta, Toshkent shahrida 3 ta madaniyat obyektlari mahalliy hokimliklar tomonidan Madaniyat vazirligi bilan kelishmagan holda balansiga o‘tkazib, sotib yuborilgan. Mana shu 2020-yilda bo‘lib o‘tgan kamchiliklar. Umuman, ushbu qonun bizni boshqa idora va tashkilotlar bilan o‘rtamizdagi munosabatlarimizni ham aniq belgilab berayapti”, — dedi vazir.

U 29 yil deganda ilk bor “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun ishlab chiqilgani va aynan shu kabi muammolar u orqali hal etilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq, madaniyat vaziri Senatning 11 yalpi majlisida madaniyat obyektlarining bo‘sh turgan maydonlarini tadbirkorlarga DXSH asosida foydalanishga topshirishga oid Hukumat qarori ishlab chiqilgani va Vazirlar Mahkamasiga kiritilganini ham ta’kidlagan edi.