AQSH, O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari «Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi» tashabbusini yo‘lga qo‘ydi. Bu to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot matni 7 yanvar kuni e’lon qilindi.

Mazkur tashabbus orqali AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Qozog‘istonning «Astana» Xalqaro moliya markazi tomonidan Markaziy Osiyo va mintaqadagi xususiy sektor o‘sishiga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 mlrd dollar mablag‘larni jalb etilishi kutilmoqda.

«Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi»ning maqsadi xalqaro infratuzilma sifat standartlariga javob beradigan hamda inklyuziv, shaffof va barqaror investitsiyalar hajmining o‘sishiga ko‘maklashuvchi xususiy sektor sohasidagi loyihalarni ilgari surishdan iborat bo‘ladi.

Shunday qilib, sheriklar loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo‘shadi va mintaqaga qo‘shimcha xususiy investitsiyalar kirib kelishini faollashtiradi.

«C5+1» platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o‘sishini ta’minlash maqsadida savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratiladi. «Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tishga intilar ekan, bunday hamkorlik va barqarorlik har qachongidan ham muhimroq», — deyiladi xabarda.

Mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, DFC O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «Ostona» xalqaro moliya markazi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash orqali Markaziy Osiyoda sheriklikni chuqurlashtirishda davom etadi.