Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rahbari Bahodir Mansurov oilasiga tegishli qurilish korxonasi bir necha milliardlik davlat buyurtmalarini olgan, davlat buyurtmalari bo‘yicha tender yoki tanlov komissiyalari faoliyatida Bahodir Mansurov faol ishtirok etgan. Bunga bloger Davletovuz e’tibor qaratdi.

2019 yilning 19 martidan Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga, ya’ni viloyatdagi qurilishlar bo‘yicha asosiy davlat buyurtmachisiga Mansurov Bahodir Pulatovich rahbar etib tayinlangan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan Mexrangez B-2002 MCHJ Bahodir Mansurov oilasiga tegishli bo‘lgan.


Navoiy viloyati Karmana tumani «Bog‘ishamol» MFY hududidagi 30-sonli maktabni rekonstruksiya qilish (240 o‘rinli o‘quv bloki qurish) ob’ekti bo‘yicha tender komissiyasi yig‘ilishi 2020 yilning 3 iyunida o‘tkazilgan bo‘lib, qiymati 2 mlrd so‘mlik mazkur ob’ektning tender hujjatlariga Bahodir Mansurov komissiya raisi o‘rinbosari sifatida qo‘l qo‘ygan. Mablag‘lar esa Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan.

Bundan tashqari, Navbahor tumani 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi binosini mukammal ta’mirlash (125 o‘rinli blok qurilishi) ob’ekti ham Mexrangez B-2002 MCHJga berilgan. Deyarli 2,8 mlrd so‘mlik ushbu ob’ekt bo‘yicha 2019 yilning avgustida o‘tkazilgan tanlov komissiyasida Bahodir Mansurov komissiya raisi bo‘lgan.

Hozirgi kunda Mexrangez B-2002 kompaniyasining barcha ulushi Mansurov Saodat Omonovnaga (ma’lumotlarga ko‘ra turmush o‘rtog‘i) tegishli bo‘lib, unga Mansurov Mehrangez Bahodirovich (ma’lumotlarga ko‘ra farzandi) rahbarlik qiladi.

Ma’lumot uchun, Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bosh muhandisi bo‘lib ishlagan A. Turdiyev hujjatlarga 2020 yilning iyul oyidan 2021 yilning yanvarigacha kompaniya direktori v.b. sifatida imzo qo‘yib kelgan. Yanvar oyidagi oxirgi aktual ma’lumotlar, jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi saytining korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasida esa Bahodir Mansurov yana Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rahbari sifatida ko‘rsatib o‘tilmoqda, deyiladi Davletovuz xabarida.

Shuningdek, bloger Navoiy viloyatidagi yana bir holatga etibor qaratdi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi Bahodir Mansurov rahbarlik qilgan davrda bosh muhandis bo‘lib ishlagan, 2020 yilning iyulidan kompaniya direktori v.b. sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Turdiyev Alisher Baxromovich oilasiga taalluqli kompaniya — «Baxrombek kelajagi» MCHJ ham bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritib kelgan.

Kompaniya ulushi to‘lig‘icha Mavlonov Javlonbek Abdixamidovichga tegishli. Davletovuz’ning ma’lum qilishicha, u Alisher Turdiyevning kuyovi — singlisining turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.

«Baxrombek kelajagi» MCHJ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 24-maktabni rekonstruksiya qilish (160-o‘rinli o‘quv bloki qurish) ob’ekti bo‘yicha tenderda (2 mlrd so‘mdan ortiq), Karmana tumani 20-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish (180 o‘rinli o‘quv bloki qurilishi) bo‘yicha tanlovda (1,8 mlrd so‘mga yaqin), Zarafshon shahridagi «Kichik sanoat zonasi» xududida suv va kanalizatsiya ta’minoti uchun tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish bo‘yicha tanlovda (108 mln so‘m) g‘olib bo‘lgan. Blogerning ta’kidlashicha, bular faqat oxirgi 1−2 yildagi davlat buyurtmalari.

Shuningdek, Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi axborot xizmati 2020 yilda qurilgan ijtimoiy ob’ektlar haqida material ham e’lon qilgan. Unda aytilishicha, kompaniyaning 50 kishilik ahil jamoasi 77,6 mlrd so‘mlik 30 ta ijtimoiy soha ob’ektlari bunyod etilishiga hissa qo‘shishgan.

«Davlat buyurtmalarining qarindosh-urug‘larga tegishli kompaniyalarga berilishi, nazarimizda, aysbergning bir uchi, xolos. Chunki ko‘rayapmizki, jamiyat va davlat manfaatlar to‘qnashuvining noto‘g‘riligini hatto qoralash darajasida emas. „Hamma biladi-ku, bugun paydo bo‘lmagan narsa“ degan izohlardan ham buni sezsa bo‘ladi. Hali favoritizm (sinfdosh, armiyadosh, zemlyak), otkat (yashirin pora), qurilishlar sifati, raqobat muhitini buzish, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qo‘yish haqida hech narsa deyilmayapti», — deydi Davletovuz o‘z Telegram kanalida.

«Gazeta.uz» hokimlik matbuot xizmatidan bu masala bo‘yicha izoh so‘radi. Xizmatning xabar berishicha, tez orada bunga izoh beriladi.