Bitiruvchisining birontasi ham OTMga kirmagan maktablarda uzoq vaqt ishlagan rahbarlarni lavozimdan olish bo‘yicha choralar tufayli, bir yil ichida bunday maktablar soni 3 barobarga kamaygan, deya yozmoqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Uning aytishicha, xalq ta’limi tizimi xodimlari bundan buyon faqat qizil (10 foizgacha ko‘rsatkichli) maktablarga borib, ularda ahvolni yaxshilash bo‘yicha ishlaydi.

«Buyog‘iga o‘quvchilar bitirishiga atigi yarim yil qoldi. Shuning uchun ushbu grafikda ko‘rsatilgan qizil rangdagi (10 foizgacha ko‘rsatkichga ega) maktablar uchun bu yil juda katta sinov yili bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu maktablar jamoasi birlashib natijaga harakat qilishi zarur!», — deydi xalq ta’limi vaziri.

2020 yilda umumta’lim maktablari bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yomon natija Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan. Ushbu viloyatda 16,4% maktabda bitiruvchilarning birontasi ham OTMlarga kirmagan. Bu borada eng yaxshi natija Toshkent shahrida kuzatilgan — bunday maktablar soni 0,3% ni tashkil qilgan.

Shu bilan birga Navoiy viloyatidagi 31% maktablarda 30%dan ortiq bitiruvchi OTMlarga kirgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng past natijalarni esa Samarqand (2,4%) va Qashqadaryo (3,9%) viloyatlari ko‘rsatgan.