Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, havo xaroratining keskin tushib ketishi munosabati bilan uylarning yerto‘lalaridan, teplotrassalardan, ko‘p qavatli uylar pod’ezdlaridan boshpanasiz odamlarni izlash tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Muhtojlar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida tashkil etilgan «Mehr saxovat» boshpanasiga olib borilayotganligi aytilmoqda.

U yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, o‘zlarini tartibga keltirish, toza kiyim kiyish, issiq ovqat tanovul qilish va issiq joyda uxlash uchun sharoit taqdim etiladi, deyiladi IIBB xabarida.

Boshpanasiz qolgan va ko‘chada sovqotayotgan odamni ko‘rganda Toshkent shahar IIBBga (71) 281−90−32 raqami orqali xabar berish so‘ralgan.

Ma’lumotga ko‘ra, bir kunda IIBB xodimlari tomonidan 24 kishi reabilitatsiya markaziga olib borilgan.