IIV Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva ma’lumotiga ko‘ra, chaqaloq savdosiga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

  • bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi;
  • turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi;
  • farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyoj mavjudligi;
  • chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yo‘qligi.

Nargiza Hojiboyeva 3 yil mobaynida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlanganligini ham aytdi.

Umuman olganda, 2012 yildan 2020 yilgacha odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni olti baravar kamaydi, ammo shu bilan birga, chaqaloqlar va bolalar savdosi ulushi o‘sishda davom etmoqda.

«Chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgani juda ayanchli holat. Ushbu jinoyatga qo‘l urgan xotin-qizlarning ijtimoiy holati o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi bugun og‘ir turmush sharoitida va moddiy qiyinchilikda yashayotgani, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda psixologik yordamga muhtojligi aniqlandi», — deya ma’lum qildi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O‘g‘iloy O‘rozova.

Xotin-qizlarning muammolarini aniqlash va o‘rganish uchun «ayollar daftarchasi»ni shakllantirish doirasida mamlakat bo‘ylab 6,5 milliondan ortiq respondentlar bilan suhbat o‘tkazildi, deya ta’kidlandi tadbirda.