Urganch shahrining markaziy maydoni yangidan qurilishi rejalashtirilmoqda. Maydon markazida Jaloliddin Manguberdi haykali o‘rnatiladi, deya xabar berdi Xorazm viloyati hokimligi matubot xizmati telereportajda.


Al-Xorazmiy ko‘chasi va maydoning hozirgi ko‘rinishi.

Reportajda aytilishicha, bu g‘oya davlat rahbarining tashabbusi bo‘lib, bosh maydon ostidan o‘tkazilgan mamlakatdagi ilk tunnel bo‘ladi.


Tunnel aeroport va temir yo‘l vokzalini bog‘lab turuvchi Al-Xorazmiy ko‘chasidan va Qirg‘izyop kanali ostidan o‘tadi.

Maydon markazida otda o‘tirgan hukmdor Jaloliddin Manguberdining 25 metrlik kattalikdagi haykali o‘rnatiladi

«Gazeta.uz» bu joydan uzoq bo‘lmagan, Shovot kanalining narigi tomonida o‘rnatilgan Jaloliddin Manguberdi haykali borasida qanday borligini aniqlay olmadi.

Loyiha chizmasida, shuningdek, eski pochta binosi burchagidagi eski kurantni eslatuvchi joy va hozirda qad rostlagan kurantlar aks ettirilmagan.

Tunnel qurilishi munosabati bilan shaharning bir qator ko‘chalari va chorrahalarida transport harakatini tashkil etish qayta ko‘rib chiqiladi. Loyihani qachonga yakunlash rejalashtirilgani va uning qiymati qancha bo‘lishi haqida ma’lumot berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yilda Al-Xorazmiy ko‘chasining viloyat hokimligi oldidagi qismi yopilgan va shu yerda maydon tashkil qilingan edi. Transport harakati aylanma tarzda tashkil qilingan va bir tomonlama amalga oshirilgan. 2017 yilda esa yopiq yo‘l qayta tiklangan edi.