Xonanda Jasur Umirovga oid jinoyat ishi 6-yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahar sudida mazmunan ko‘rib chiqiladi. U Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi bilan ayblanmoqda. Hozirda unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Umirov ishi jinsiy jinoyat bo‘lgani bois yopiq tarzda ko‘riladi. “Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi”, — deyiladi Oliy sud xabar ida.

Bunga qadar, Samarqand viloyat prokuraturasi ish sudga yuborilgani va tergov davomida xonandaning aybi maqbul dalillar bilan to‘liq tasdiqlanganini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, jinoyat ishida A. Z. va Sh. Q. ham JKning 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura xonandaning voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani haqidagi xabar bo‘yicha bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlarini olib borish belgilangan edi. Keyinchalik, tekshiruv harakatlaridan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.