Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakat yeri ajdodlardan meros bo‘lib qolganligini, «bu keng hududni tashqaridan hech kim qozoqlarga bermagan va bir necha asrlar davomida chegaralar xalqaro shartnomalar tomonidan rasman tan olinganligini» ta’kidladi.

«Vaqt shuni ko‘rsatdiki, biz qat’iyat bilan muzokara olib borishimiz va darhol o‘zimizning poydevorimizni mustahkamlashimiz kerak. Endi ular nima deyishidan qat’i nazar, bizda xalqaro miqyosda tan olingan, ikki tomonlama shartnomalar bilan belgilangan chegaramiz bor. Endi u bilan hech kim bahslasholmaydi», — dedi davlat rahbari.

«Ajdodlarimizdan meros bo‘lib o‘tgan muqaddas zaminimiz bizning asosiy boyligimizdir. Ushbu ulkan hududni hech kim qozoqlarga bermagan. Bizning tariximiz 1991 yoki 1936 yillarda o‘lchanmaydi. Qozoq xonligi, Oltin O‘rda, Turk xoqonligi, xun va saklar davrida bu yerda xalqimiz yashagan va ulg‘aygan. Milliy tariximizning chuqur ildizlari qadim zamonlarda yotadi», — deb qo‘shimcha qildi Toqayev.

«2018 yilda Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiya imzolangandan so‘ng bizning chegaralarimiz nafaqat quruqlikda, balki dengizda ham belgilab berilgan», — deb eslatib o‘tdi Toqayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududiy yaxlitlikka shubha qiladigan va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tanqid qiladigan «ba’zi bir chet elliklarning provokatsion harakatlariga» rasmiy va ommaviy ravishda qarshi turib, ma’rifiy ishlarni olib borish kerak.

«Yana bir bor ta’kidlashni istardimki, biz milliy manfaatlarni himoya qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak», — dedi Toqayev.

Tokayev, shuningdek, «Qozog‘iston yerlari biron bir chet el fuqarosiga berilmaydi va hech qachon sotilmaydi» deb ta’kidladi.

Dekabr oyida Rossiya Davlat Dumasi Ta’lim va fan qo‘mitasi raisi va «Katta o‘yin» dasturining boshlovchisi Vyacheslav Nikonov davlatga qarashli Birinchi kanal efirida «Qozog‘iston shunchaki mavjud emas edi, Qozog‘istonning shimoliy qismida umuman aholi yo‘q edi. Qozog‘iston hududi — Rossiyaning ajoyib sovg‘asi» deb aytgan edi.

Keyin Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi «Rossiya ayrim siyosatchilarining Qozog‘istonga qarshi tobora tez-tez uchrab turadigan provokatsion hujumlari ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar yetkazmoqda» deb ta’kidladi.