Tojikistonda 5 yanvardan boshlab soat 23:00 dan qishloq xo‘jaligi bor bo‘lgan tumanlarda, ko‘p qavatli binolari yo‘q joylarda elektr energiyasi ta’minoti to‘xtatib qo‘yildi, deya xabar bermoqda Asia-Plus nashri hukumatdagi manbasiga asoslanib. Uylarda ertalab soat 6 gacha elektr energiyasi bo‘lmaydi.

Xabar berilishicha, bunga Nurek GESining suv omborida suv sathi odatdagidan 4 metrga kam bo‘lib qolganligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ushbu cheklov qaysi muddatgacha amal qilishi aytilmagan.

Bundan avval Toshkikistonning bir qator tumanlarida va chekka hududlarida yashovchilar kuniga faqat 4−6 soat elektr energiyasi berilayotganidan shikoyat qilishgan. Mas’ullar bu borada koronavirus va uning oqibatida elektr stansiyalarida cho‘zilib ketgan ta’mirlash ishlarini sabab qilib ko‘rsatishayotgan edi.

Shuningdek, Tojikistondagi barcha qishloq, tuman va shaharlar 10 dekabrdan boshlab uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgan edi. Biroq ekspertlarning ma’lum qilishicha, Tojikistonning suv-energiya zaxiralari bahor-yoz mavsumigacha yetmaydi va buning uchun cheklovlar o‘rnatilishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumotga ko‘ra, Tojikiston hozirda qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi sotmayapti. Xabarga ko‘ra, cheklov e’lon qilinganida beri Dushanbeda joylashgan hatto bir qavatli binolarga ham elektr energiyasi uzluksiz ta’minlanmoqda. Biroq, ekspertlar ta’kidlashicha, agar suv omborida yana suv kamaysa cheklovlar poytaxtga ham ta’sir qilishi mumkin.