6 yanvar kuni Surxondaryoda viloyat, shahar va tumanlarning rasmiy saytlari xakerlar hujumiga uchraganligi ma’lum qilindi. «Clone Security» guruhi ushbu hujumni o‘z zimmasiga olgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu xabarni tasdiqlab, hozirda tuzatish ishlari ketyotganligini ta’kidladi.

Viloyat hokimligi saytidan tashqari Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sherobod, Oltinsoy, Muzrabot, Denov, Uzun, Angor va Qiziriq tumanlari hokimliklari saytlari ham xakerlar hujumiga uchragan.

Xakerlar saytda qoldirgan xabarida butun viloyat hokimligi tizimiga kirishganligini, viloyat hokimi «yaxshi mutaxassislarga e’tibor qaratmasa», uning yopiq qaror va farmoyishlarini e’lon qilinishi aytilgan.

«Clone Security» guruhi «Gazeta.uz» nashriga yuborgan murojaatida viloyat hokimligi AKT bo‘limida ishlaydigan xodim ikki hafta oldin hokimlik ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘z ish kabinetida o‘zaro kelishmovchilik sabab kaltaklaganligi aytilgan.

Ishlar boshqarmasi boshlig‘i AKT bo‘limi xodimiga Surxondaryo viloyati hududidan chiqib ketish shartini qo‘yganligi aytilmoqda.

18 dekabr kuni holat yuzasidan xodim prezident Virtual qabulxonasiga qilgan murojaati uchun rasman ishdan olingan, deyiladi guruh murojaatida.