4 yanvar kuni davlat rahbari topshirig‘iga asosan Vazirlar mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomitdinov huzurida 2020 yil yakunlari hamda 2021 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risida yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ga hukumatdagi manba.

Yig‘ilishda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchilik qiladigan hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari Kompleksiga kiruvchi vazirliklar va xo‘jalik sub’ektlari rahbarlari qatnashgan.

Bu kompleksga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qurilish vazirligi, Transport vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Uzbekistan Airways AJ, Uzbekistan Airports AJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, «Toshshahartransxizmat» AJ, «O‘zshaharqurilishinvest» MCHJ va boshqa kompaniyalar kiradi.


Muzaffar Soliyev.

«Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha prezidentga axborot berilgan. Bunga asosan davlat rahbari 5 yanvar kunigi farmoni bilan uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri Muzaffar Soliyevni ishda yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari, berilgan ogohlantirishlardan tegishli xulosa chiqarmagani uchun lavozimidan ozod qilgan. Bundan tashqari, prezident Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abduraxmon Abduvaliyevga hayfsan e’lon qildi, hamda qurilish vaziri Botir Zokirovga ogohlantirish berdi», — dedi «Gazeta.uz» manbasi.


Abduraxmon Abduvaliyev.

Abduraxmon Abduvaliyev 6 oyda ko‘rsatilgan kamchiliklarini bartaraf etmasa, lavozimida qolish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Botir Zokirov.