Davlat test markazi (DTM) YUNISEF va hamkorlarning U-Report raqamli platformasi orqali o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. 2020 yilda OTMlarga kirish imtihonlari shaffof o‘tdimi, degan savolga 3813 kishidan 28%i ijobiy, 24% salbiy javob bergan, 38%i shaffoflikni «o‘rtacha» deb baholagan.

3766 kishidan 14 foizi kirish imtihonlari paytida korrupsiya yoki boshqa noqonuniy holatlarga guvoh bo‘lishganini bildirishdi. 3717 nafar respondentning 32%i imtihon paytida abituriyentlar tomonidan qoidabuzarlik holatlariga guvoh bo‘lgan. 10059 nafar respondentning 24%i kirish imtihonlarini yanada adolatli o‘tkazish uchun umumta’lim fanlardan sertifikatlarni joriy etishni taklif qildi. Nodavlat tashkilotlari yoki OTMlarning o‘zlari tomonidan imtihonlarni o‘tkazilishiga mos ravishda 8% va 7% ovoz berishdi.

So‘rovnoma «yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish jarayoniga munosabatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va kirish imtihonlari tizimini takomillashtirish» maqsadida o‘tkazildi, deb xabar beradi DTM. So‘rov natijalari qiziq bo‘lishi mumkin, ammo ular, nazarimda, muammolarning ildizini aniqlashga yordam bermaydi. Buning uchun kirish testlari bilan bog‘liq jarayonlarni testologiya — test haqidagi fan talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilish kerak.

«Gazeta.uz» tahririyati DTMga kirish imtihonlari va markaz faoliyati bilan bog‘liq bir qator savollar bilan murojaat qilgan edi. 3 dekabr kuni savollarga javoblar olindi va bu javoblar DTM tomonidan o‘tkazilgan testlarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilishga yordam beradi.

Test topshiriqlarining sifati — «bo‘laveradi"mi?

Ilmiy nuqtai nazardan, test — bu bilim, ko‘nikma, malaka yoki kompetensiyalarni o‘lchashdir. Agar test jarayoniga o‘lchov jarayoni sifatida qaralsa, test topshiriqlari o‘lchov vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Abuturiyentlar tomonidan ushbu topshiriqlarning bajarilishiga qarab, ma’lum bir xulosalarga kelinadi: abituriyent A abituriyent Bga nisbatan ko‘proq (yoki kamroq) biladi, tanlangan yo‘nalishda o‘qishni davom ettirishga tayyor (tayyor emas), shuning uchun biz uni OTMga (kollejga va h.k.) qabul qilamiz (qabul qilmaymiz).

Har qanday o‘lchov vositasi sifatni nazorat qilish jarayonidan o‘tishi kerak. Masalan, davlat elektr energiyasi, gaz va suv sarflanishini hisoblaydigan moslamalarini o‘rnatishdan oldin va foydalanish jarayonida sertifikatlash va tekshirishga majbur qiladi.

Xuddi shu tarzda, bilimlarni o‘lchash vositalari — test topshiriqlari yordamida kimningdir bilimini sinab ko‘rishdan oldin bu topshiriqlar sifatni tasdiqlash jarayonidan o‘tishi kerak. Bu murakkab va sermashaqqat jarayon bo‘lib, bir necha yil davom etishi mumkin. Ushbu jarayonning majburiy bosqichlaridan biri — bu test topshiriqlarini aprobatsiya qilishdir (tajriba-sinovdan o‘tkazish), chunki uning natijalariga ko‘ra statistik ma’lumotlar — test topshiriqlari qay darajada sifatli ishlab chiqilganligini ko‘rsatuvchi raqamlar olinadi.

Har qanday o‘lchov moslamasida bo‘lgani kabi, testlarda ham xatolik bo‘ladi. Fanda bu xatolik o‘lchashning standart xatosi deb ataladi. Aprobatsiya ushbu xatolik fanda qabul qilingan qiymatlar chegarasida ekanligiga ishonch hosil qilishga yordam beradi.

Pandemiya sharoitida, ommaviy tadbirlar taqiqlangan paytda aprobatsiya jarayonlari qanday o‘tkazildi, degan savolga quyidagicha javob oldik: «Test topshiriqlarining dastlabki aprobatsiyasi 2019 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkazildi. Keyingi aprobatsiya 2020 yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, lekin pandemiya munosabati bilan imkoni bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, E-Sinov tizimi orqali test topshiriqlari onlayn taqdim qilib borildi va ishlatilgan test topshiriqlari tahlil qilindi. Shuningdek, 2019 yilda nashr etilgan test to‘plamlaridagi topshiriqlardan foydalanildi».

Mazkur javobni tahlil qilishga harakat qilamiz. Dastlabki aprobatsiyadan so‘ng, uning keyingi bosqichlari o‘tkazilmagan. Test topshiriqlarining sifatiga esa bir martalik aprobatsiya bilan ishonch hosil qilish mumkin emas. Dastlabki aprobatsiyadandan so‘ng topshiriqlarga zaruriy o‘zgartirishlar kiritiladi va qayta aprobatsiyaga olib chiqiladi. Bu jarayon aprobatsiya natijasida olingan statistik ko‘rsatkichlar fanda qabul qilingan me’yorlarga mos tushmaguncha qayta va qayta takrorlanadi. Bu degani — 2020 yilda qo‘llanilgan test topshiriqlarining sifati talablarga javob berishiga kafolat yoki dalillar mavjud emas.

Onlayn tizimga kiritilgan test topshiriqlari tahliliga kelsak, aprobatsiya shunday o‘tishi kerakki, unda qatnashuvchilar testlarni haqiqiy imtihonlarga imkon qadar yaqin sharoitlarda yechishi lozim. Abituriyentlar topshiriqlarni onlayn tarzda bajarishida ushbu shartlar bajarilmaydi, demakki, topshiriqlarning sifatini tahlil qilishda «onlayn aprobatsiya» natijasida olingan ma’lumotlarga tayanish mumkin emas.

Oldingi yillarda chop etilgan materiallardan testlarda foydalanish ham o‘lchov vositasi bo‘lmish testlarning sifatini oshirishga xizmat qilmaydi. Birinchidan, abituriyent mavzuni bilgani uchun emas, balki repetitor yoki boshqa birov tomonidan aytilgan to‘g‘ri javobni eslab qolganligi sababli testlarni to‘g‘ri yechishi mumkin. Mazkur holat mavzu bo‘yicha bilim emas, balki xotira sinovdan o‘tkazilishini anglatadi. Ikkinchidan, testlar tarkibidagi har qanday o‘zgarishlardan so‘ng, ularning sifatini qayta aprobatsiyadan o‘tkazish kerak.

Oxirgi ta’kidni yaqqol misol bilan tushuntirishga harakat qilamiz. Maxsus metall qotishmalaridan tayyorlangan va ishlatishdan oldin sinovdan o‘tkazilgan tarozi toshlarini ko‘z oldimizga keltiramiz. Agar toshlar qotishmasining tarkibi o‘zgartirilsa, ularning xususiyatlari o‘zgaradi, ya’ni qayta tekshirishdan o‘tkazish zarurati paydo bo‘ladi. Xuddi shunday, bir test varianti o‘lchov uchun bir og‘irlik toshi kabi, o‘ziga xos test topshiriqlari yig‘indisidan iborat bo‘lib, har doim ushbu yig‘indi o‘zgarganda, masalan, testga boshqa topshiriqlar kiritilganda uning sifatiga ishonch hosil qilish uchun qayta sinov zarur.

DTM eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar soni o‘tgan yillarga nisbatan ko‘proq bo‘lganini ta’kidlab, buni «test topshiriqlari soddalashtirilganligi», «test topshiriladigan fanlar soni kamaytirilganligi», «test topshiriqlarini yechish uchun vaqt miqdori oshirilganligi» va «tilni bilish sertifikatlariga maksimal ball berilganligi» bilan izohladi.

Biroq, testologiya fanining o‘z qonuniyatlari bor. «Ballarning normal taqsimoti» degan tushuncha mavjud va agar normal taqsimot kuzatilmasa (maksimal ballarning ko‘payishi esa normal taqsimotning buzilishidir), demak, bu testlarning sifati bilan bog‘liq muammolar borligini anglatadi. Va bu muammolarni boshqa turli xil omillar bilan «xaspo‘slash» mumkin emas.

Yuqorida aytib o‘tilganlarni umumlashtirgan holda shuni ta’kidlash lozimki, testlarda ishlatiladigan har qanday test topshirig‘i aprobatsiyadan o‘tishi kerak va bu aprobatsiya bir marta bilan cheklanishi mumkin emas, chunki aprobatsiyalar natijasida topshiriqlar sifatini tahlil qilish uchun kerakli raqamlar olinadi.

Test varianti tarkibidagi har qanday o‘zgarish ham aprobatsiyani talab qiladi. DTM vakillari pandemiyadan oldin ham butun test topshiriqlari bazasi aprobatsiyadan o‘tmasligini inkor qilmagan edilar. Abituriyent qo‘liga tushadigan ko‘rinishdagi test varianti esa hech qachon aprobatsiyadan o‘tmaydi, chunki bu variant imtihondan oldin generatsiya qilinadi.

Demak, OTMlar, kollejlar, texnikumlar, magistraturaning ayrim yo‘nalishlari, keyingi yildan boshlab esa litseylar va ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga kirayotgan millionlab abituriyentlarning kelajakdagi taqdirini hal qilishda foydalaniladigan testlar sifatiga qo‘yiladigan ilmiy talablarga rioya qilinishi katta savol bo‘lib qolmoqda.

Testlarning mazmuni: jiddiy oqibatlarga olib keladigan muammo

Testlar «qoricha» yodlash darajasini tekshirmasligi lozimligi borasida bir necha bor aytganman. Shuningdek, bir necha bor qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga qaramay, bu muammo yechilmay qolayotganini ham yozgan edim. Bu yilgi imtihonlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, shuningdek, DTM saytida e’lon qilingan test topshiriqlari namunalarini tahlil qilsak, ularda «kim?», «nima?», «qayerda?», «qachon?» singari savollar ko‘pligini ko‘rish mumkin, demak, yaqin kelajakda qoricha yod olishdan forig‘ bo‘lishimiz dargumon.

«Gazeta.uz» tahririyatining xotira testidan ta’lim standartlariga belgilangan kompetensiyalarni sinashga qachon o‘tilishi to‘g‘risidagi savoliga «DTM test topshiriqlari sifatini oshirishga hamisha e’tibor qaratib kelgan», «test topshiriqlari Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va amaldagi darsliklar asosida shakllantiriladi», «kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirilgan» deb javob berishdi.

Bir narsani tushunish lozim. Kompetensiyani tekshiruvchi va «darsliklar asosida tuzilgan» testlar — bu bir-birini istisno qiluvchi tushunchalardir. Kompetensiya bu Davlat ta’lim standartida belgilangan ta’rifga asosan bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik hayotda qo‘llash qobiliyatidir. Bu degani, agar maqsad kompetensiyalarni sinash bo‘lsa, unda test topshiruvchi darslik chegarasidan chiqib, darslik yordamida olgan bilimlarini turli vaziyatlarda qanday ishlata olishini ko‘rsatishi kerak.

Oddiy misol. Tasavvur qilaylik, matematikadan «kvadrat tenglamalar» mavzusi o‘tilgan. Agar o‘qituvchi o‘quvchilarda kvadrat tenglamalarni yechish ko‘nikmasi shakllanganligini tekshirmoqchi bo‘lsa, u holda u nazorat ishida ularga darslikda bo‘lmagan va sinfda yechilmagan yangi tenglamalarni yechishni beradi. Aks holda, o‘quvchi shunchaki yodlagan yechimlarini takrorlashi mumkin. Agar o‘qituvchi o‘quvchida kompetensiyani tekshirmoqchi bo‘lsa, o‘quvchilarga shunday hayotiy muammo berishi kerakki, uni yechish uchun kvadrat tenglamalardan foydalanish zarur bo‘lsin.

Chet tillari o‘qituvchilariga ustama belgilash maqsadida o‘tkaziladigan test sinovlarida turli xalqaro imtihonlarga tayyorlanish uchun chop etilgan qo‘llanmalar va saytlarda berilgan topshiriqlardan foydalanish ham xotira testi sifatida ko‘rilishi mumkin. O‘qituvchi chet tilini yetarli darajada bilgani uchun emas, balki javoblarni oldindan yod olgani uchun testdan kerakli ball to‘plab o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, agar mazkur qo‘llanma yoki sayt mualliflari DTM testlarida o‘z materiallaridan foydalanishga yozma rozilik berishmagan bo‘lsa, bunday harakatga davlat organining mualliflik huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni buzishi sifatida qaralishi mumkin.

Agar xalqaro tajribaga nazar tashlasak, IELTS, TOEFL, SAT, A-Level va boshqa imtihonlar darsliklar asosida ishlab chiqilmaydi. Ular kompetensiyani sinashga qaratilgan, o‘qituvchi va o‘quvchi esa kompetensiyalarni rivojlantirish uchun har qanday darsliklardan foydalanishi mumkin. Bizda esa DTM tomonidan nashr etilgan darsliklar ro‘yxatiga binoan, bu yil maktabni tugatayotgan o‘n birinchi sinf o‘quvchisi 2020 yil chop etilgan 5-sinf darsliklarini o‘rganib chiqishi kerak, vaholanki u beshinchi sinf o‘quvchisi bo‘lganida bu darsliklar hali mavjud bo‘lmagan edi.

Xotirani tekshiruvchi testlarning nimasi yomon? Birinchidan, ma’lumki, baholash tizimi ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatadi hamda o‘qituvchilar va o‘quvchilarning harakatlarini yo‘naltiradi. Agar baholash tizimida asosiy e’tibor yod olishga qaratilsa, o‘quvchilar kelajakdagi o‘qishlarida va hayotlarida zarur bo‘lgan kompetensiyalarni rivojlantirishga intilmasdan, ko‘r-ko‘rona yodlashni maqsad qilishadi.

Ikkinchidan, kirish testlari tanlangan mutaxassislik bo‘yicha kimning o‘qishga tayyorligini bilish uchun o‘tkazilishi kerak. Testlar — bu eng ko‘p «chalkash» savollarga javob bera oladigan g‘olib aniqlanadigan televizion o‘yin emas. Oliy yoki kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi cheklangan o‘rinlarga nomzodlarni noto‘g‘ri tanlab olish natijasida mablag‘ va vaqt behuda sarflanadi, mamlakatda esa kelajakda malakali kadrlar tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.

Uchinchidan, xotirani tekshirishga qaratilgan testlar baholashning muhim sifat talabi — ishonchlilik talabiga javob bermaydi. Ishonchlilik — bu bir xil auditoriyada testlarni qayta ishlatganda natijalarning bir-biriga yaqinligi. Odatda ahamiyatsiz hisoblangan ma’lumot inson xotirasida odatda qisqa vaqt saqlanadi. Demak, testlarni topshirish uchun ma’lumotlarni yod olgan, ammo kerakli kompetensiyalar shakllanmagan abituriyent imtihondan so‘ng ushbu ma’lumotlarni unutib yuboradi.

Testlar natijalarini qayta ishlash: adolat va adlatsizlik orasi bir qadam

Quyidagi holatni tasavvur qilaylik. Og‘ir atletika bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. G‘oliblikka da’vogarlardan biri 100 pud, ikkinchisi 105 funt, uchinchisi 110 kilogramm tosh ko‘tarib kuchini ko‘rsatdi. Kimni g‘olib deb e’lon qilamiz? 110 soni 100 va 105dan katta bo‘lgani uchun 110 kg ko‘targan sportchini g‘olib deb e’lon qilsak adolatdan bo‘ladimi? Aslo yo‘q. Avvalo biz ushbu qiymatlarning barchasini yagona o‘lchov tizimiga keltirishimiz kerak va shundan keyingina kim ko‘proq ko‘targanligini taqqoslash mumkin bo‘ladi.

DTM tomonidan o‘tkaziladigan testlarda har bir abituriyentga kompyuter tomonidan generatsiya qilingan test varianti beriladi. Bu variant boshqa abituriyentning variantiga o‘xshamaydi. Kompyuter ma’lum bir algoritmga asosan topshiriqlarni variantga kiritsa-da, barcha variantlarning qiyinlik darajasi bir xil bo‘lishini ta’minlash imkonsiz. Bilimi kuchliroq abituriyentga qiyinroq variant tushib qolsa, u bilimi kuchsizroq, biroq osonroq variantni yechgan abituriyentga nisbatan kamroq ball to‘plashi mumkin. Agar imtihon natijalarida hatto bir ballning o‘ndan biri ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini hisobga olsak, biz yuqorida tasvirlagan vaziyat yuzaga keladi: aslida kamroq «yuk ko‘targan» g‘olib deb e’lon qilinadi. Bu esa adolatdan emas.

Turli xil test variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan DTM adolatni qanday ta’minlaydi, degan savolga shunday javob oldik: «Test variantlari maksimal darajada bir xil bo‘lishiga harakat qilinadi. Masalan, parallel testlardan foydalanish, har bir variant oldindan tasdiqlangan test tafsilotlari bo‘yicha shakllantirilishi ularning qiyinlik darajasi bir xil bo‘lishini ta’minlashga yordam beradi».

Qo‘shilmaslikka ijozat bergaysiz. Test tafsilotlaridan (spetsifikatsiyalaridan) foydalanish test variantlarida test topshiriqlarining fan bo‘limlari va mavzular kesimida bir xil taqsimlanishini ta’minlashga yordam beradi (Tafsilotlarning tashkilot saytida e’lon qilinmasligi shaffoflik tamoyilining buzilishidir, deb olin ham aytgan edik, ammo hozir gap bu haqida emas). Oddiy qilib aytganda, tafsilotlarga rioya qilinsa, har bir test variantida turli mavzulardan test topshiriqlari soni teng bo‘ladi.

Ammo turli xil variantlarining qiyinlik darajasi bir xil deyish uchun yuqorida aytib o‘tilgan o‘lchov xatosi teng ekanligiga ishonch hosil qilish kerak. Masalan, Kroker va Algina bu haqda o‘zlarining testlar nazariyasi bo‘yicha mashhur darsligida yozgan. Ammo test varianti tajriba-sinovdan o‘tmagan bo‘lsa va imtihonda uni faqat birgina abituriyent yechgan bo‘lsa, o‘lchov xatosi bir xil ekanligiga qanday amin bo‘lish mumkin?

Testning turli xil variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan adolat masalasiga qaytsak, fanda testlar bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan qo‘llaniladigan «yagona shkalaga keltirish» usuli ixtiro qilingan. Biz funt va pudlarni taqqoslashdan oldin ularni kilogrammga aylantirish uchun maxsus formulalardan foydalanganimiz kabi, testologiyada ham abituriyentlarning turli xil variantlar bo‘yicha olingan natijalarini bitta o‘lchovga keltirish uchun maxsus formulalardan foydalaniladi. Oxirida to‘g‘ri javoblar soni emas, aynan shunday formulalar yordamida olingan natijalar e’lon qilinadi. Ammo yana takrorlayman, ushbu formulalardan foydalanish uchun har bir variantning o‘lchov xatosini bilish kerak, test variantini birgina abituriyent yechganda esa bu imkonsizdir. Bu testning turli variantlarini yechgan abituriyentlarga nisbatan adolat ta’minlanmasligini anglatadi.

Adolatsizlik bir muammoga nisbatan turlicha yondashuvda, ya’ni test topshiriqlarida abituriyentning aybisiz xatolarga yo‘l qo‘yilganda ham kuzatiladi. Gap shundaki, agar abituriyent test sinovlari paytida test topshiriqlariga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirgan bo‘lsa va DTM ekspertlar komissiyasi ushbu e’tirozlarni adolatli deb topgan bo‘lsa, unda variantida bu topshiriqni yechgan barcha abituriyentlarga qo‘shimcha ball beriladi. Ammo, agar abituriyent apellyatsiya yoki sud jarayonida test topshirig‘idagi xatolikni isbotlasa, u holda faqat o‘sha abituriyentning natijalari qayta ko‘rib chiqiladi. Xuddi shu muammoli topshiriqga duch kelgan, ammo appelyatsiya berish yoki DTM bilan sudlashish imkoniyati yoki xohishi bo‘lmagan abituriyentlarning natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Ushbu masalani ko‘targanimizda, bizga «DTM boshqa abituriyentlarning natijalarini ko‘rish yoki o‘zgartirish huquqiga ega emas» va «agar abituriyent o‘z natijalaridan qoniqmasa, u belgilangan muddat ichida apellyatsiya shikoyati berishi kerak» degan javobni oldik. Biroq, muammoga bunday yondashish muammoni hal qilmaydi — sifatni nazorat qilishning barcha bosqichlaridan o‘tmagan test topshiriqlaridan imtihonda foydalanilganligi sababli abituriyent aziyat chekadi.

Kerakli nazorat mexanizmlarning ishlamasligi sababli texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi va oqibatda e’lon qilingan natijalarning o‘zgarishi ham adolatsizlikning bir ko‘rinishi sifatida baholanishi mumkin. Istalgan abituriyentning natijalari «texnik xato» bahonasi bilan o‘zgarishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olish uchun DTMda qanday mexanizmlar joriy etilayotganligi to‘g‘risidagi tahririyatning savoliga DTM «jarayonlarning har bir bosqichida ishlarni iloji boricha inson omilisiz amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda» deb javob berdi.

Pandemiya bergan saboqlar

Koronavirus pandemiyasi va kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun ko‘plab mamlakatlarda joriy qilingan cheklovlar testlar bilan bog‘liq jarayonlarga ham ta’sir qilmay qo‘ymadi. Ochiq havodagi imtihonlarga e’tibor qaratib, New York Times nashri «ayrim abituriyentlar soyada, qulay sharoitda test topshirayotgan bo‘lsa, boshqalari qog‘oz yoki kiyim bilan quyoshning tik nurlaridan o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘lishdi» deb yozdi.

Ba’zi abituriyentlar belgilangan vaqtda imtihonga yetib borish uchun sahar tongda turishlari kerak edi, boshqalari esa tushdan keyin, inson organizmi charchay boshlaydigan paytda test topshirishdi. Kimlargadir kepkalar berildi, kimlargadir esa yo‘q. Qayerdadir abituriyentlar imtihonga mobil telefonlarini olib kirib, ishlatishga muvaffaq bo‘lishdi, qayerdadir esa yo‘q. Koronavirus yoki isitma sababli testlarda qatnasha olmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha testlar tashkil etildi, test sinovlariga boshqa uzrli sabablarga ko‘ra kela olmagan abituriyentlar uchun esa yo‘q.

«Test topshiruvchilarga test sinovlarida va uning natijalarini qayta ishlashda mutanosib munosabatda bo‘lish kerak» deya ta’kidlangan test sinovlari standartlari nuqtai nazaridan yuqoridagi misollar tahlil qilinsa, unda standartlarning buzilganligi yaqqol ko‘rinadi.

Xususan, chet tillari o‘qituvchilariga ustama belgilash testlarida kuzatilgan audio yozuv va isitish bilan bog‘liq muammolarni ham bu standartlarning buzilishi sifatida keltirish mumkin. Markazning matbuot xizmati o‘qituvchilarning e’tirozlariga javob berar ekan, o‘qituvchilar tomonidan test sinovlari qoidalarining buzilishi borasida raqamlarni keltirdi: mana, telefonlar va «shpargalkalar» olib kirilgan, imtihon vaqtida o‘zaro gaplashilgan, materiallarni bir-biriga uzatishgan. Biroq, imtihon topshiruvchilar tomonidan imtihon qoidalarining buzilishi tashkilotchilar tomonidan test standartlarini buzish uchun bahona bo‘la olmaydi.

DTM bu yilgi test jarayonlaridan qanday saboq olganligi haqidagi tahririyatning savoliga javob berar ekan, «asosiy e’tibor abituriyentlarning xavfsizligi (sog‘ligi)ga qaratilganligini», «xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda, test sinovlarni ochiq maydonlarda o‘tkazish eng yaxshi variant sifatida tanlanganligi»ni ta’kidladi. Shuningdek, «eng asosiy yutuq abituriyentlar va xodimlarda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaganligi» va «markaz noodatiy sharoitda, ochiq maydonlarda test o‘tkazish tajribasiga ega bo‘lganligi» DTM tomonidan aytib o‘tildi.

Agar test sinovlari bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlarning tajribasiga nazar tashlansa, ular bir oz boshqacha yo‘nalishda tajriba olishni afzal ko‘rishdi — ko‘pchilik odamlarning to‘planishi zaruratisiz, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda test o‘tkazish. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti yoki Toshkentdagi Turin politexnika universiteti singari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ba’zi xalqaro universitetlar ham onlayn tarzda imtihonlar tashkil etib, adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida test topshiruvchilar va kuzatuvchilar tomonidan rioya qilinishi kerak bo‘lgan qoidalarni ishlab chiqdilar. To‘g‘ri, balki onlayn imtihonlarda barcha ishtirokchilarning qoidalarga birdek rioya qilishini ta’minlash qiyinroq kechishi mumkin, ammo qachondir boshlash kerak. Masalan, pandemiya bizni ilgari umuman inkor qilib kelganimiz — masofaviy ta’limni joriy etishga majbur qildi-ku.

Barcha o‘yinchilar uchun teng sharoitlar va aniq qoidalar

Umuman olganda, xalqaro tajribaga nazar solinsa, turli tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan test natijalari hukumat qarorlari tufayli tan olinmaydi. Masalan, Britaniya universitetlari tomonidan IELTS yoki A-level imtihon natijalarini tan olish to‘g‘risida Britaniya hukumati rahbari tomonidan imzolangan farmonni topishimiz ehtimoldan yiroq. Bunday imtihonlarning natijalari ularning sifati — validligi va ishonchliligining ilmiy dalillari tufayli tan olinadi.

Agar imtihonlarimiz sifatning ilmiy talablariga javob berishini istasak, fikrimizcha, bilimlarni baholash bilan bog‘liq xizmatlar sohasida monopoliyani tugatish kerak. Bu borada dastlabki qadamlar tashlangan — xalqaro nodavlat tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan chet tillari bo‘yicha imtihonlarning natijalari davlat OTMlari tomonidan tan olinmoqda. Shunigdek, nodavlat tashkilotlariga ta’lim sifatini baholash sohasida xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beruvchi qaror imzolangan.

Endi keyingi qadamlarni tashlash lozim. Test sohasida ishlashni istagan barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan shartlar aniq ko‘rsatilishi kerak. Shunday shartlardan biri baholash vositalarining sifati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ushbu tadqiqot natijalarini e’lon qilish bo‘lishi kerak. Va ushbu shartlar DTM singari davlat tashkilotlari uchun ham, nodavlat tashkilotlar uchun ham bir xil bo‘lishi kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.