Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasidan Mustaqillik ko‘chasiga o‘tish yo‘li avtomobillar harakati uchun ochilmoqda. Bu haqda IIV YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qurolli kuchlar akademiyasi to‘g‘risidagi ushbu o‘tish joyi besh yil muqaddam yopilgan edi. Uning ochilishi to‘g‘risidagi qaror yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida qabul qilindi.

Shuningdek, kichik xalqa yo‘lidan Parkent ko‘chasiga o‘tishga uchun avval mavjud bo‘lgan yo‘ldan (karmashka) BDOlar olinadi va u yerda harakat tiklanadi.

Qolaversa, bog‘ orasida piyodalar va velosipedchilar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan.

«Gazeta.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, yo‘l ochiladigan joyda hozir irrigatsiya tizimlarini demontaj qilish ishlari amalga oshirilmoqda.