Jizzax viloyati IIB axborotiga ko‘ra, Dashtobod shahrida yashovchi fuqaro 2 oylik farzandini o‘ldirib qo‘ydi.

Voqeaga erkakning shariiy nikohidagi ayoli bilan janjallashishi sabab bo‘ladi. Dastavval sentyabr oyida xotini erining sobiq ayoli bilan telefon orqali gaplashayotganini bilib qoladi va janjal keltirib chiqaradi. Erkak esa choynak bilan ayolining boshiga uradi va shu bilan oilada xalovat yo‘qoladi.

9 oktyabr kuni soat 23:00 larda beshikdagi chaqaloq yig‘laydi. Ayolning go‘dakni eplay olmayotganidan jahli chiqqan er qizini o‘zi uxlatmoqchi bo‘lib, janjal keltirib chiqaradi. U beshikdagi yostiq bilan ayolning yuziga bir necha marotaba uradi, shunda go‘dakning boshi beshikning qirrasiga uriladi, unga boshqa jarohatlar ham yetkaziladi.

Ertasiga ayol ichki ishlar organiga murojaat qiladi. Ikki oylik chaqaloq shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etadi.

Sud tibbiy ekspertizasi bolaning o‘limiga bosh miya yopiq jaroxati, ensa suyagining bitishmalaridan ichkariga botib sinishi, miya to‘qimasining ezilishi, miya pardalari ostiga, miya to‘qimasiga, bosh miya bo‘shliqlariga qon quyilishi xamda ko‘krak qafasi orqa yuzasi va ikkala son sohasiga ko‘plab qon talashlar sabab bo‘lganini qayd etgan.

Sud ushbu jinoyat bilan bog‘liq xolatlarni inobatga olib, aybdorga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.