Saudiya Arabistoni Qatar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Unga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi 2017 yilda yopilgan chegaralar, shu jumladan, havo va dengiz chegaralari ochiladi, deya xabar berdi TASS Reuters va AQSH hukumatidagi manbalarga asoslanib.

Ma’lumot uchun, 2017 yil yozida Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr davlatlari Qatarni terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda va ularning ichki siyosatiga aralashishda ayblab, bu mamlakat bilan diplomatik aloqalarni uzishgan edi. Shu bilan birga iqtisodiy sanksiyalar va transportlar blokadasi e’lon qilingan edi. O‘shanda ushbu davlatlar Qatar aviatsiyasi uchun havo yo‘llarini yopgan.

Shartnoma Saudiya Arabistonida Fors ko‘rfazi bo‘yidagi arab davlatlari kengashi 41-sammiti doirasida imzolanishi kutilmoqda. Kelishuvlar doirasida Saudiya Arabistoni Qatar bilan quruqlik, havo va dengiz chegaralarini ochadi. Bu haqda Quvayt tashqi ishlar vaziri Ahmed Nosir as-Saboh ma’lum qildi. O‘z navbatida, Qatar blokada bilan bog‘liq barcha da’volardan voz kechadi.

Xabar berilishicha, hozircha BAA, Bahrayn va Misr bu bo‘yicha bir qarorga kelishmagan. Biroq AQSH hukumati ular ham Qatar bilan kelishuvga erishishiga va blokadalarni olib tashlashlariga umid qilmoqda.

Reuters ma’lum qilishicha, AQSH prezidentining katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner Qatar va to‘rtta arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etdi. U va AQSHning boshqa bir qator rasmiylari kelishuv imzolash marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.