Buyuk Britaniya hukumati epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli Angliyada milliy karantin joriy etish va maktablarni yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Bosh vazir Boris Jonson televideniye orqali xalqqa murojaatida aytdi.

«Virusning yangi turi qo‘rqinchli darajada tez tarqalmoqda. Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri kasalxonalar har qachongidan ham ko‘proq bosim ostida» — dedi Jonson.

Seshanba kunidan boshlab Angliyadagi barcha maktablar masofadan ishlashga o‘tmoqda, faqat «asosiy» kasb vakillari — shifokorlar, ijtimoiy xizmatchilar, o‘t o‘chiruvchilar, politsiyachilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilarning farzandlari ta’lim muassasalariga qatnay olishadi.

Aholiga ko‘chaga faqat sayr qilish, shifokorga, do‘konga borishga ruxsat beriladi. Og‘ir surunkali kasalliklarga chalinganlarga uydan umuman chiqmaslik tavsiya etilmoqda.

Jonson ushbu karantin choralari kasallanish darajasining o‘sishiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u keyingi oyda aholining to‘rt ustuvor guruhi orasida koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayonlarini boshlashni va’da qildi.

Fevral oyida qariyalar uylaridagi fuqarolar, shifokorlar, boshqa keksalar va og‘ir surunkali kasalliklarga chalingan kishilar emlanishi rejalashtirilmoqda.

4 yanvarda Britaniyada koronavirus bilan kasallanganlar soni pandemiya boshlanganidan beri 58 784 ta rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.

So‘nggi bir hafta ichida kuniga 50 mingdan ortiq yuqtirish holatlari kuzatilmoqda.

Yangi cheklovlar kamida fevral oyining o‘rtalarigacha amal qilishi belgilandi.