Bu korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasidan o‘rin olgan, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Yo‘l xaritasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 4-raund monitoringi bo‘yicha 3-sonli tavsiyasi asosida aholini xabardorligini oshirish maqsadida puxta rejalashtirilgan va maqsadli ta’lim kompaniyalari tashkil qilish belgilangan.

Barcha ta’lim va tarbiya muassasalarining o‘quv dasturlariga xorijiy tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish maxsus kurslari kiritiladi.

Jumladan, jamiyatda korrupsiyaning mavjud bo‘lgan xavf-xatarlari asosida, o‘quv materiallarini tayyorlash uchun yagona metodologik talablar ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

Ta’lim va tarbiya muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona o‘quv qo‘llanma ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi ta’lim va mashg‘ulotlarning natijalari va ta’sirini baholash tartibi belgilanadi.

Yo‘l xaritasida belgilangan ushbu vazifani Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi birgalikda amalga oshiradi.