3 yanvar kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir nechta erkak va ichki ishlar organlarining ikki xodimi o‘rtasida sodir bo‘lgan voqea haqida video tarqaldi.

Videoda uchta erkak ikki YPX xodimlari bilan janjallashayotgani va YPX xodimi: «Otmang! To‘xtang, qurolni joyiga soling!» kabi so‘zlarini baqirayotgani tasvirlangan.

YHXBB matbuot xizmati xabar berishicha, 31 dekabr kunidan 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 04:00 larda, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Muqumiy ko‘chasida «Matiz» rusumli avtomobil haydovchisi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangan. Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil beton to‘siq ustiga chiqib to‘xtagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomashinada bo‘lgan 4 nafar fuqaro hodisa joyiga yetib kelgan IIBB YPX va PPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan o‘tkir tig‘li jismlar bilan qarshilik ko‘rsatgan.

Fuqarolardan bir nafari ushlanib tuman IIBga olib kelingani va qolgan 3 nafar fuqaro hodisa joyidan yashiringani ma’lum qilindi.

Hozirda barcha fuqarolar shaxsiga aniqlik kiritilib, hodisa yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.