«Muborakneftegaz» neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining beshta konida elektr energiyasi bilan bog‘liq holat yuzaga kelishi natijasida, Muborak gazni qayta ishlash zavodidan gaz ta’minoti deyarli to‘liq to‘xtatiladi, deya xabar bermoqda «Xududgaz Andijon».

«Shu sababli, gaz quvurlarining janubiy tizimi orqali gaz tashishning keskin pasayishi, jumladan, Farg‘ona vodiysiga keltiruvchi gaz tarmoqlari hamda magistral quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda», — deyiladi «Xududgaz Andijon» xabarida.

Buning oqibatida Andijon viloyati hududida vaqtinchalik gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. «Xududgaz Andijon» tasarrufidagi barcha shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlariga magistral gaz quvurlari orqali yetkazib berilayotgan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalariga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, tabiiy gaz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish bo‘yicha ishlar tashkil etildi va kuchaytirilgan ishchi guruhlarning shayligi ta’minlandi, deyiladi xabarda.