«Toshkent Dushanbega javob berdi va COVID-19 bemorlarini taqsimlash markazini qurishga tayyorligini bildirdi», — deya yozmoqda «Aziya-Plyus».

Yangi inshoot Xatlon viloyatining Kubodiyon tumanida O‘zbekiston tomonidan qurilayotgan tibbiyot markazi negizida barpo etiladi. Ma’lumotga ko‘ra, taqsimlash markazini jihozlash «O‘zbekneftgaz» AJ moliyalashtirishi hisobiga amalga oshiriladi.

Kubodiyon tumanidagi zamonaviy tibbiyot kompleksining qurilishi to‘g‘risida 2018 yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi davomida kelishilgan edi. Kompleks qurilishi o‘sha yilning ikkinchi yarmida boshlangan va 2021 yilning bahorida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Bunga javoban Tojikiston hukumati Samarqandda 640 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab va Farg‘ona viloyatida bolalar bog‘chasini bunyod etishini ma’lum qildi. Bunga oid farmoyish 2018 yilning mart oyida Tojikiston Prezidenti Yemomali Rahmon tomonidan imzolangan edi.