Samarqand shahridagi 4-umumta’lim maktabi qozonxonasida portlash sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Daryo.

Xabarga ko‘ra, voqea 2 yanvaridan 3 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

2 yanvar kuni, taxminan, soat 23:00 da maktab va ushbu hududdagi mahallarda 40 daqiqa elektr uzilishi kuzatilgan. Natijada gaz bosimi ko‘tarilgan. Maktabning qozonxona nazoratchisi 50 yoshli H. qozonxonaga kirgan paytida, portlash sodir bo‘lgan.

Portlash natijasida boshidan og‘ir tan jarohati olgan qozonxona ishchisi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat bo‘limiga yotqizilgan. 3 yanvar kuni ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan qozonxona ishchisi vafot etgan.

Samarqand viloyati IIBning aniqlik kiritishicha, ushbu hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismining «a» bandi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.