Avtomobil raqamlarini sotish bo‘yicha onlayn kim oshdi savdosida Samarqand viloyatining hududiy kodli 30 Z 777 ZZ bo‘lgan davlat raqamiga rekord darajadagi taklif— 596,5 mln so‘m qayd etildi.

Ushbu raqam 14 dekabr kuni boshlang‘ich qiymati 111,5 million so‘m bo‘lgan kim oshdi savdosiga qo‘yilgan edi. Bitim uchun komissiya to‘lovi 29 mln so‘mni, garov miqdori 11 mln so‘mni tashkil qiladi.

Auksion davomida internetda “Malibu” rusumidagi oq va qora avtomobillarning fotosuratlari paydo bo‘ldi, ammo Samarqand viloyati IIB suratlarning assosiz ekanligini ma’lum qildi.

Bundan avval, 2020 yil davomida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi saytida tashkil etilgan onlayn kim oshdi savdolarida 262,6 mlrd so‘mlik 106 mingdan ziyod davlat raqamlari sotilgani haqida xabar berilgan edi. Raqamlarning o‘rtacha narxi 2,4 mln so‘mni tashkil etgan (minimal — 450,5 ming, maksimal 206,7 mln so‘m).