Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi «Dehqon bozori» yonida qoidabuzar mashinalarni rasmga olgani aytilgan fuqaroning samosud qilingani aks etgan video tarqalgan edi. Videoda fuqaro «Spark»ning yukxonasiga joylashtirilib, turli haqoratli so‘zlar bilan haqoratlanib, uning uyali telefoni olib qo‘yilganligi aks etgan. Uning yuz atrofida mayda jarohat borligini ko‘rish mumkin.

Andijon viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, hodisa 22 dekabrda ro‘y bergan. Fuqaro N.Q. bozorga mevalar narxini bilish uchun kelgan va bozorni suratga olayotganida bir necha kishi tomonidan boshqa maqsadda suratga olayotganlikda gumonlanib, haqoratlangan.

Holat yuzasidan 5 nafar fuqaro jamoat joyida turli haqoratli so‘zlar bilan baqir-chaqir qilganlikda ayblanib, hujjatlar 25 dekabrda sudda ko‘rib chiqilgan.

Huquqbuzarlarning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.