Mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati. Hukumatning 31 dekabrdagi qarori (828-son) bilan O‘zbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Endilikda O‘zbekiston hududida mobil qurilmalar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.

Xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosiga murojaat qiladi.

Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida to‘lov asosida amalga oshiradi.

Sud qaroriga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.

Shunga ko‘ra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Tizim operatori bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi o‘rtasida sud qaroriga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilgan mobil qurilmalar bo‘yicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.

Shuningdek, agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019 yil 1 noyabrgacha avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan va bazaga kiritilgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so‘ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

  • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
  • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
  • anketa taqdim etish.

Agar 2019 yil 1 noyabrdan keyin arizaga asosan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, jarayon 3 soat ish vaqtida to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosi tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga olinadi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda IMEI-kod orqali mobil qurilmalarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi 2019 yil aprel oyidan beri ishlab kelmoqda. 2019 yil 1 dekabrdan boshlab pulli bo‘ldi. Tizimning joriy etilishi ro‘yxatga o‘tkazish mexanizmlarining murakkabligi va tizim pulli ekanligi tufayli jamoatchilik noroziligiga duch keldi.

2020 yil fevral oyida jamoaviy murojaat portalida IMEI ro‘yxatdan o‘tish to‘lovini bekor qilish to‘g‘risida murojaatnoma paydo bo‘ldi. Qonunchilik palatasi qo‘mitasi ushbu masalani o‘rganish boshlanganini e’lon qildi, ammo ko‘rib chiqish natijalari haqida xabar berilmadi.

O‘tgan yilgi boshqa birovning pasport ma’lumotlari bilan IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mojarodan keyin (shuning uchun ko‘plab fuqarolar o‘zlarining qurilmalarini o‘zlarining nomlariga ro‘yxatdan o‘tkaza olmadilar), tizim operatori ro‘yxatdan o‘tish tartibini o‘zgartirdi.