Hukumatning 31 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi belgilandi.

Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;
  • korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).

Bunda, ko‘maklashgan shaxslar tegishlicha BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming so‘mdan 5 mln 575 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

  • ancha miqdor uchun — mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
  • ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun — mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.