Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Pfizer/Biontech vaksinasini favqulodda ishlatishga ruxsat berilgan birinchi vaksina sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu dunyo mamlakatlariga vaksinani import qilishga va aholiga tarqatishga imkoniyat beradi, deyiladi tashkilot axborotida.

Dunyoning turli burchaklaridagi mutaxassislar Pfizer vaksinasi bo‘yicha ma’lumotlarni o‘rganib chiqishdi. O‘rganishlar natijasida vaksina JSSTning xavfsizlik va samaradorlik bo‘yicha talablariga javob berishi aniqlandi.

5 yanvar kuni JSST Emlash bo‘yicha mutaxassislarning strategik maslahat guruhi tomonidan vaksinani aholi orasida qo‘llash tartibi va tavsiyalarni ishlab chiqadi.

JSST vakili xavfsizlik darajasi va samaradorligi sinovlardan o‘tgan boshqa vaksinalarni baholash davom etayotganligini ma’lum qildi. Tashkilot boshqa vaksinalar ishlab chiqaruvchilarini baholashda qatnashishga chaqirdi.

Hozirda АҚШva Buyuk Britaniyada Pfizer/Biontech vaksinalari bilan emlash boshlangan. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari, qariyalar uylarida yashovchilar va ishlovchilar emlanmoqda. Vaksinaning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun narxi bir dozasi uchun 15,5 yevroni tashkil etishi aytilgandi.