«Hammamiz guvohmiz, 2020 yil butun dunyo qatori yurtimiz uchun ham og‘ir va murakkab keldi. Koronavirus pandemiyasi, global inqiroz insoniyatni jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Mana shunday murakkab vaziyatga qaramasdan, mard va olijanob xalqimizning matonati, fidokorona mehnati bilan barcha sohalarda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik», — dedi u.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb nom berilgan 2021 yilda «iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz», deya ta’kidladi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifa bo‘lib qoladi.

«Xalqimizning turmush farovonligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida ahamiyat beramiz. Aziz yoshlarimiz, mehnatkash va oqila opa-singillarimiz, muhtaram keksalarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yangi bosqichga ko‘tariladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Yangi O‘zbekistonni barpo etish, milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan ulkan ishlarimizni qat’iy davom ettiramiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.