O‘zbekistonda viloyat hokimlari yangi yil bayramini qanday kutib oladi? «Xalq so‘zi» nashri ayrim viloyat hokimlardan bu savollarga javob oldi.

Andijon viloyatida korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlari, jumladan, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Yangi yilni o‘z ish joyida kutib oladi.

Shuhrat Abdurahmonov viloyat rahbariyati Andijon viloyatining 3 mln 172 ming 116 nafar aholisi tinchligi va osoyishtaligiga mas’ulligini ta’kidlaydi.

Shuhrat Abdurahmonov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

«Xalqimiz bayramni ko‘ngildagidek nishonlashi uchun hamma sharoitni yaratish, bayram tadbirlarini ko‘ngildagidek o‘tkazishlarini ta’minlash shu kunning eng katta vazifasidir. Shu sabab shu kuni viloyatdagi barcha rahbarlar o‘z ish joylarida bo‘ladi va Yangi yilni xizmat faoliyati davomida kutib oladilar. Biz uchun viloyatimiz aholisining tan-sihatlikda, tinchlik-xotirjamlikda o‘tgan har bir soniyasi katta bayramdir!», — deydi Andijon hokimi.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Yangi yil bayrami kuni ishxonada o‘zi navbatchilik qiladi. U bu har yili takrorlanadigan holat ekanligi aytadi.

G‘ofurjon Mirzayev. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Hokimning oilasi va farzandlari Yangi yil kirishidan oldin viloyatdagi Yurt bayrog‘i maydoniga kelishadi, G‘ofurjon Mirzayev ular bilan birga maydonni aylanib, sayr qiladi. Yangi yil kirish vaqti hokim birrov uyiga kirib chiqadi va yana ishga qaytadi.

Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunovнинг ham bayram kungi ish tartibi odatiy ish kunidek, tig‘iz.

«Biz har yili aka-uka, opa-singillar soat to‘qqizdan o‘tib, tug‘ilib voyaga yetgan hovlimizga yig‘ilamiz. Ota-onamizni bayram bilan qutlab, keyin tarqalamiz. Bugun ham shunday, hozir hoji boboni tabriklab, keyin uyga qaytaman. Yangi yilni oilamiz, farzandlarimiz davrasida kutib olaman.

Qobul Tursunov. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Navoiyda har yili 30 mingga yaqin kishi Yangi yilni o‘z ish o‘rinlarida kutib olishadi. Ular ishi uzluksiz tashkil etilgan NKMK va «Navoiy azot», «Qizilqumsement», «Navoiy IES» AJlari ishchi mutaxassislari hamda sog‘liqni saqlash muassasalari va tinchlik, osoyishtaligimiz posbonlaridir. Yangi yil kirgach, mazkur korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan bog‘lanib, bayram bilan qutlash bahonasida vaziyatdan ogoh bo‘laman. Uyda qolish yoki qolmaslikni vaziyatga qarab belgilayman", deydi Qobul Tursunov.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham yangi yil bayrami kuni odatda kun davomida ish joyida bo‘lishini aytgan.

Samarqand hokimi tungi vaqtda shaharning turli burchaklarida o‘rnatilgan yangi yil archalarining barchasiga shaxsan borib, aholining bayram kayfiyati bilan qiziqadi. Shuningdek, bu joylarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda ularning pandemiya qoidalariga rioya qilayotganligini o‘rganadi.

Erkinjon Turdimov. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, viloyat hokimi bayramda kechki payt oila davrasida bo‘lishga ham ulguradi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yangi yil kirish daqiqalarida oilasi davrasida bo‘lishini ma’lum qilgan.

Zoyir Mirzayev. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

«Har yili Mustaqillik, Navro‘z va Yangi yil bayramlarida prezidentimiz tabriklarini oilaviy eshitish odat tusiga kirib qolgan. Bu holat ko‘pchilikda kuzatilsa kerak. Shunday ekan, telefon orqali bo‘lsa ham samarqandlik qarindoshlarni tabriklab, biroz Qarshi shahridagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirib, ayniqsa, kommunal sohada viloyatimizda muammo chiqmasligiga amin bo‘lganimdan so‘ng uyga oshiqaman», — deydi viloyat hokimi.