Koronavirus pandemiyasining iqtisodga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida 2020 yilning mart oyida Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi 2021 yil 1 yanvardan tugatiladi. Bu haqda prezidentning 2021 yil uchun davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.

Jamg‘arma hisobidan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagan qismi hamda jamg‘armaning joriy yil oxiriga qoldiq mablag‘lari davlat byudjetiga o‘tkaziladi.

2021 yilda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari davlat byudjetida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari doirasida moliyalashtiriladi.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidagi mablag‘lar miqdori boshida 10 trln so‘mg edi. Ushbu mablag‘lar koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga va ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan edi.

Prezident 29 dekabr kuni parlamentga murojaatnomasida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga 16 trl so‘m yo‘naltirilganligini ma’lum qilgandi. Moliya vazirligi pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar kutilganidan ko‘proq davom etganligi uchun jamg‘arma mablag‘lari oshirilganligini ta’kidlagan edi.