Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) 2021 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan quruq mevalarni olib kirishga ruxsat berdi. Bu haqda idora saytida xabar qilindi.

Mazkur qarorga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Karantin bo‘yicha davlat inspeksiyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijalari hamda o‘zbek tomonining kafolati asos qilib olindi.

Quritilgan mevalarni yetkazib berish fitosanitariya sertifikatlaridagi «qo‘shimcha deklaratsiya» qismida hamda mahsulot yorlig‘ida majburiy ravishda ishlab chiqaruvchining nomi va uning manzilini ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.

Farg‘ona viloyatidan keltirilgan quritilgan mevalarning har bir partiyasiga dastlabki elektron bildirishnoma va mahsulotlarning fitosanitar xavfsizligini tasdiqlovchi laboratoriya sinovlari bayonnomalari ilova qilinadi.

Rosselxoznadzor 7 dekabr kuni quritilgan o‘rik partiyasida xavfli zararkunanda — kapr qo‘ng‘izi aniqlangani sababli O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishga taqiq joriy qilgan edi.

Avvalroq Rosselxoznadzor 1 yanvardan Navoiy va Qashqadaryo viloyatida joylashgan 34 ta korxonadan pomidorlarni yetkazib berishga ruxsat bergan edi.