Rossiyaning Tergov qo‘mitasi muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyga nisbatan katta miqdorda firibgarlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilganligini e’lon qildi.

Tergov natijalariga ko‘ra, Navalniy rahbarlik qiluvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi va boshqa bir qator notijorat tashkilotlar uchun xayriya sifatida 588 million rubl to‘plangan, mablag‘larni jamg‘armalar maqsadi uchun sarflash mo‘ljallangan.

Tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyni ushbu mablag‘larning 356 million rubldan ko‘pini boshqa shaxslar bilan o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflaganlikda ayblamoqda.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksey Navalniy ushbu mablag‘ni shaxsiy mol-mulk ortirish, moddiy qimmatliklarni sotib olish va boshqa xarajatlarni to‘lash, shu jumladan chet elda ta’til xarajatlariga sarflagan. «Shunday qilib, fuqarolardan yig‘ilgan mablag‘lar o‘g‘irlangan», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Aleksey Navalniy o‘ziga nisbatan ochilgan yangi ishni uning zaharlanishi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

«Men darhol video murojaatimda aytgandim: men o‘sha samolyotda o‘lmaganim, keyin o‘z qotillarimni qidirganim uchun ular meni qamoqqa olishga harakat qilishadi», — dedi oppozitsiya vakili.

Shuningdek, siyosatchi unga nisbatan qotillikka urinish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilmaganligini ta’kidladi.