29 dekabr kuni avtomototransport vositalarini yollash va ijaraga berishga oid hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, avtotransport vositalarini ijaraga va prokatga berish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish faoliyati ya’ni karshering (carsharing) tashkilotlariga bir qancha imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, 2021 yil 10 yanvardan karshering tashkilotlari notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yo‘lovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda ushbu karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lishi shart.

Mmazkur qarorga muvofiq avtomototransportlarni qisqa muddatli ijaraga berish bo‘yicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.

Shuningdek, avtomototransport vositalarini karshering tashkilotlaridan ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida mazkur tashkilotlarga IIV YHXBBning «Ma’muriy amaliyot» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgilari tanqidiy tahlil qilinib, tegishli harakat yo‘nalishlarida ularni olib tashlash choralari ko‘riladi.

Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.