27 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani «Obi hayot» mahallasida yashovchi fuqarolar elektr energiya ta’minotidagi uzilishdan norozi bo‘lib, ko‘chada balon yoqdi. Ushbu holat yuzasidan tuman hokimligi munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 25 dekabr kuni mahalladagi quvvati 630 kVA transformatorning ishdan chiqishi oqibatida 26 dekabr kuni quvvati 400 kVA boshqa transformator o‘rnatilgan. Ammo elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning ortishi natijasida u ham ishdan chiqqan.

Xokimlik axborotiga ko‘ra, «Obi hayot» mahallasida 545 ta xonadon bo‘lib, ushbu hodisa oqibatida 165 ta xonadonning elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan.

Muammoni bartaraf etish maqsadida 27 dekabr kuni 630 kVA kuchlanishga ega yangi transformator o‘rnatilib, aholi elektr energiya bilan ta’minlangan, deyiladi xabarda.