Bu hafta O‘zbekistonning barcha hududlari sibir antitsikloni periferiyasi ta’siri ostida bo‘ladi, u Rossiyaning Uraldan Oxota dengizigacha bulgan keng hududini o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu antitsiklonning periferiyasi Qozog‘iston orqali mamlakatga kirib keladi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Dekabr oyining oxirgi kunlari va yanvar oyining birinchi kunlari respublika bo‘yicha sovuq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat me’yordan 4−7 darajaga past bo‘lib, bu hafta davomida saqlanib turadi.

Yakshanba kuni 27 dekabrda yog‘ib o‘tgan qor bu yilgi so‘nggi qor edi, O‘zbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib olishadi, deya xabar berdi sinoptiklar.

Keyingi yillardagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda ushbu kunlarda yog‘ingarchilik 3−4 yilda o‘rtacha bir marta bo‘ladi. Biroq, bu yog‘ingarchiliklar har doim ham qor ko‘rinishida bo‘lmaydi. Yangi yil kechasida qor yog‘ishi yanada kam bo‘ladi.

So‘nggi yillarda eng qorli kun 2007 yilning birinchi kuni bo‘lgan. Qor Yangi yil arafasida boshlanib, 1 yanvarda butun kun davomida yog‘ishda davom etdi. Oxirgi marta Yangi yil bayramida qor 2013 yil 1 yanvar kunida yog‘gan edi.

Toshkentda 1889 yilning Yangi yil kechasida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori harorat 28 daraja sovuq kuzatilgan. Oxirgi 50 yil ichida Toshkentda bunday past harorat kuzatilmagan va bu davrda eng sovuq 1991 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib, Toshkentda harorat 13 daraja sovuqqacha pasaygan.

Eng issiq Yangi yil bayramlari 2009 yildan 2010 yilga va 2015 yildan 2016 yilga o‘tishda kuzatilgan, bunda kunduzgi harorat 31 dekabrda va 1 yanvarda 18−19 daraja issiq bo‘lgan.