Qo‘qonda 10 dan ortiq xotin-qizlar uylarida gaz va elektr energiya yo‘qligi sabab shahar hokimiyati oldidagi yo‘lni to‘sishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video тасвирda mutasaddilarga murojaat qilinsa-da, ular eshitmayotgani ta’kidlangan.

“Hokimiyat atrofida yashovchi ayollar hokimiyat binosi oldidagi yo‘lni to‘sayapti. Chunki uylarida gaz, svet yo‘q. Mutasaddi xodimlarni bir necha marotaba chaqirdik, lekin ular bizni eshitishni istamadi. Gaz, svet yo‘qligidan to‘yib ketdik, haqiqatdan ham”, — deydi video tasvirga olgan ayol.

Ayollar yo‘lni bo‘shatishni so‘ragan haydovchilarga qarata, “urib ketishingiz mumkin bemalol, to‘yib ketganmiz, baribir uy sovuq”, deydi. Tasvir so‘nggida YPX xizmati avtomashinasi yaqinlashayotgani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Buxoro viloyati aholisi gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tufayli yo‘lni to‘sib qo‘ygan edi. Qorako‘l tumanida esa gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi bo‘lgan xalq namoyish tashkil etgan. Surxondaryoda elektr ta’minotidagi uzilishdan norozi aholi ko‘chada balon yoqqan edi.