Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat xaridlari o‘rganilmoqda. Bu haqda viloyat prkouraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Andijon viloyatida Milano Biznes Servis kompaniyasi qariyb 20 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini yutib olgani haqida xabar bergan edi. Uning ta’sischisi Muhiddin Qodirov esa bir vaqtning o‘zida «Yagona buyurtmachi xizmati» rahbari ham hisoblanadi.

Bundan tashqari, viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i Rustambek Xojiboyev milliardlab so‘mlik davlat buyurtmalarini bajarayotgan Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish kompaniyasining ta’sischisi ham hisoblanadi.

Xuddi shunday loyihalar «Yagona buyurtmachi xizmati» rahbarining qarindoshlariga tegishli Andijon Ihlos Qurilish kompaniyasi tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tanlovda viloyat hokimi Ergash Soliyevning qizi bilan bog‘liq kompaniya g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergan edik.