29-dekabr kuni soat 11:00 da Xalqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi boshlanadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomasida joriy yilda erishilgan natijalar, “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar aytib o‘tiladi. Kelgusi yilga nom berilib, mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi.

Tadbirda 2021-yilga nom berilishi, mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilanishi kutilmoqda. Anjumanda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.

Murojaatnoma 15 ta telekanalda jonli efirda, davlat rahbarining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida onlayn yoritib boriladi.