Yakshanba kuni Navoiy markazida viloyat hokimligi yaqiniga o‘rnatilgan Yangi yil archasi yonib ketdi. Hodisa aks etgan videoyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmatining Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlarini e’lon qildi. Unda yong‘inning kelib chiqishiga yog‘ingarchilik natijasida namlangan elektr kabellarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lishi taxmin qilinayotgani aytilgan.

Qayd etilishicha, markaziy archa o‘rnatilgan joyda ikkita yong‘in-qutqaruv otryadi va bitta o‘t o‘chirish avtoekipajining navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan soat 19:07da kelib chiqqan yong‘in 19:20da o‘chirilgan.

Foto: Telegram.

Bir kun oldin Termizda yangi yil archasi qulagani haqida xabar berilgan edi. 23 dekabr kuni esa Farg‘onada markaziy bozorga o‘rnatilgan Yangi yil archasida yong‘in chiqqandi.