25 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 658-sonli qonun imzolandi.

Unga ko‘ra, agar tarqatilgan yolg‘on axborot jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid solsa uni tarqatgan shaxs BHMning 100 baravarigacha (22 mln 300 ming so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet tarmog‘ida tarqatish BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘m) miqdorda jarimaga tortilishi yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash jazosi bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAV va bloglarda qoldirilgan izohlar uchun javobgarlik joriy qilingani haqida xabar bergan edik.