Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida blogerlar va OAV tomonidan Jizzax viloyatidagi davlat xaridlari bilan bog‘liq tanlovlar yuzasidan so‘rov yuborib, vaziyatni o‘rganishni boshladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Juma kuni viloyat hokimi Ergash Soliyevning qizi ham ta’sischilar orasida bo‘lgan My Flower kompaniyasi Jizzaxning Sharof Rashidov ko‘chasini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tanlovda yil davomida ikki marta g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan buyurtma berilgan loyihalarning umumiy qiymati 2 mlrd so‘mdan ziyodroqni tashkil etadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati o‘rganishlar natijalari bo‘yicha OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Agentlikning qayd etishicha, davlat xaridlari sohasidagi shartnomalarning ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishi natijasida tizim shaffoflashdi.

«Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari, blogerlar hamda faol fuqarolar sa’y-harakatlari tufayli mazkur sohadagi korrupsion va manfaatlar to‘qnashuvi aks etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar ham yuzaga chiqmoqda», deyiladi xabarda.

Agentlik davlat xaridlari sohasida uchrayotgan tizimli qonun buzilish holatlari tahlilidan kelib chiqqan holda mazkur jarayonda yuzaga kelayotgan korrupsion holat va manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soluvchi va javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadigan takliflar ishlab chiqilayotganini ham ma’lum qildi.