21 dekabr kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan sudlanuvchilar M. Xolmatov («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi» boshlig‘i lavozimida ishlagan) va boshqalar (jami 17 kishi) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni boshlandi.

Oliy sud axborot xizmati xabar berishicha, ushbu jinoyat ishi bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rilayapti.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 203-moddasi (suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 258-moddasi (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ro‘y bergan Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi sababli Bosh prokuratura Sardoba suv ombori bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ikki kishining gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb etilganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik, komissiya tekshiruvidan so‘ng «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining o‘pirilish sabablari aniqlanib, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarida qatnashgan 9 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa olingandi.

Oktyabr oyida esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «Sardoba ishi» bo‘yicha 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qildi.

Hozirda sud jarayoni davom etmoqda. Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha alohida bayonot beriladi.