Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berishiga ko‘ra, 22 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fuqaro H.R. adovati bo‘lgan 24 yoshli M.B.ni bozorcha oldida ko‘rib qoladi va undan qasd olish maqsadida akalari 22 yoshli R.R., O.R. va boshqalarni chaqiradi.

M.B. o‘zining otasi, akasi va pochchasini chaqiradi. Ular ushbu janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lganlarida H.R. akalari bilan sovuq qurol ishlatib, M.B. va uning yaqinlariga qasddan turli jarohatlar yetkazadi.

M.B. va uning qarindoshlariga tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, M.Bning otasi olgan tan jarohati tufayli 11 dekabr kuni shifoxonada vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va H.R. va uning akalariga nisbatan ayblov e’lon qilinib, H.R., O.R., ga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi, fuqaro R.R.ga nisbatan esa «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.